Choyxonada o'layotgan kelajak

Category: 

Jizzaximizga kelgan mehmonni choyxonaga olib borib, u yerdagi turli xil taomlarning mazaligini va arzonligini maqtash aynan bizga xos udum desam, adashmagan bo’laman. Ishoning, choyxonalar bizning madaniyatimizga shunchalik singib ketganki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilib bo’lmay qoldi. Jizzax somsasi, jizzax oshi, jizzax jizi kabi taomlar bilan har bir jizzaxlik umrida hech bo’lmasa bir marta maqtangan bo’lsa kerak. Jizzaxliklar uchun “dam olish maskani” degan tushuncha aynan choyxonaga atalgan, bu fakt. Ishonmasangiz, shahrimizda har bir qadamda topiladigan choyxonalarning biriga nazar solingda, keyin parklarga, muzeylarga, kutubxonalarga borib ko’ring. Kechga borib, bu choyxonalarning har biri xo'rrandalar bilan to’lib ketadi va avto turargohlarda moshinangizni qo’yish uchun joy ham topa olmaysiz.
Nega aynan suhbatimni choyxonalardan boshladim bilasizmi? Chunki, aynan shu joylarda o’tirib, biz oilamizdagi yetishib kelayotgan farzandlarimizdan uzoqlashib qolayapmiz, deb hisoblayman. Albatta, bu gaplar hamma uchun emas. Oilasini, o'zining sog'lig'ini o'ylab ish ko'radigan erkaklar ham ko'p.
Jo'ralar bilan o’tirvolib, "yarimta" ni "otvolib" katta katta gaplardan gapirib, choyxonaga yaxshigina to’lovni qilamiz, lekin farzandimiz o’qishi uchun pulni qizg’onamiz. O’g’limiz yoki qizimiz maktabdan keyin biror bir mashg’ulotga borishi kerak bo’lib bir, oy uchun 50-80 ming to’lov so’rasa, iloji boricha, arzonrog’iga beramiz-da, o’zimiz choyxonada eng kamida haftasiga 2 marta o’tirib, bir xaftada 100 minglab sarflaymiz.
Endi gapni lo’ndasiga o’tsam. Men sizga shahrimizdagi choyxonalarni maqtamoqchi ham emasman, tanqid qilmoqchi ham emasman. Asosiy maqsadim ogohlantirish. Mening maqsadim choyxonalardan ozgina bo’lsada chekinib, oilamiz, vatanimiz va Jizzaximiz uchun yetishtirayotgan farzandlarimizga ko’proq e’tibor bersak, demoqchiman. Keling, Jizzaximizdagi ba’zi bir sohalarning holatiga bir nazar tashlab qo’yamiz. Har bir sohada kamchilik bormi yoki yo’q? Masalan, barchamiz uchun muhim bo’lgan meditsina tarmog’iga e’tiborimizni qarataylik. Barchamiz viloyatimizdagi tibbiyot sohasi o’ta past sifatda ekanligidan doim shikoyat qilamiz. Yoki boshqaruv sohasidagi tanish – bilishchilik, korrupsiya, davlat organlari ishchilarining malakasi pastligi, ta’lim maskanlaridagi o’qituvchilarning talabga javob bermasligi. Ha, ha yuqorida yozganlarimning haqiqatga yaqinligini deyarli ko’chiligimiz tasdiqlaymiz.
Bizdan oldingi ajdod ham asosiy vaqtini aynan choyxonada o’tirib o’tkazmadimi? Men ularni ayblamoqchi emasman. Sababi, bizning ko’pchiligimiz ham shu xatoga yo’l qo’yayapmiz. Aynan ularning e’tiborsizligi tufayli hozirgi kunda vohamizning deyarli barcha sohalarida kamchiliklar mavjud. Aynan shuning uchun ham o’zimizda malakali doktorlarni topa olmay, Toshkent yoki Samarqandga farzandlarimizni shifokor ko’rigiga olib boryapmiz. Aynan shuning uchun ham turli davlat tashkilotlarida yarim varoq hujjat uchun kun bo’yi “tentirab” yuramiz.
Keyingi 27 yil ichida Jizzaxdan yetishib chiqqan malakali kadrlar katta shaharlarda qolishmoqda. Ular yurtlariga qaytishni istashmaydi, sababi o’sha - yuqoridagi holatlar. Bozorlarimiz va yo’llarimizda sotuvchilar, qassoblar, oshpazlar, “paynetchilar”, poyafzal ustalari, haydovchilarni xohlagancha topishimiz mumkin. To’g’rida, keying 27 yil ichida biz oshqozonga zo’r berib kelajagimizga e’tiborsiz bo’lib qoldik. “Institutda o’qish pullik, kontrakt qimmat, yo’l xarajatingni qayerdan ham topib beraman”, degan vajlar bilan ilmli farzandlarimizni “sindirib” qo’ydik. Ularga ilm berish o’rniga hunar egallattirdik. “O’g’lim, usta bo’lasan! … amakingga shogird qilib qo’yaman”, “Qizim, qiz bolaga tikuvchilik yoki hamshiralik yarashadi. Med kollejga kirasan yoki ammangga shogirdlikka tushasan”, degan gaplarni ko’pchiligimiz eshitganmiz va eshitib kelayapmiz!.
Xo’sh, yuqorida yozganlarimdan maqsad nima? Aziz hamyurtim, keling endi, farzandlarimiz bilan ishlaylik. Ularga ilm beraylik. Kelgan mehmonni hadeb choyxonaga olib boravermasdan, uyingizga olib borib ilmga to’la bo’lgan qizimiz yoki o’g’limiz bilan maqtanaylik. Hadeb choyxonalarni to’ldiravermasdan, kutubxonalarni to’ldiraylik. Jizzaximizga hadeb sotuvchi, haydovchi, tikuvchi, “svarshik”, ustalarni beravermasdan ilmli bo’lgan lider doktorlar, o’qituvchilar, yuristlar, bank hodimlari kabi kadrlarni beraylik.

 

Deb, Jizzaxlik o’qituvchi
Nasim Sadikov
Facebook dagi Jizzaxliklar hamjamiyati guruhi uchun maxsus tayyorladi

Добавить комментарий

CAPTCHA
Этот вопрос задается для того, чтобы выяснить, являетесь ли Вы человеком или представляете из себя автоматическую спам-рассылку.