Ta’lim metodlari va modellari qanday bo’lishi kerak?

Главные вкладки

Ta’lim modellari va metodlari

Ta’lim metodlari va ularning turlari. O‘qitishdan ko‘zlanadigan maqsad bu davlat ta’lim standartlarida belgilangan bilim va ko‘nikmalarini o‘quvchiga yetkazishdan iborat. qachonki o‘quvchi tomonidan bilim qabul qilinsa va tushunib yetilsa yoki o‘quvchi malaka oshirish uchun mo‘ljallangan topshiriqlarni amalda namoyish etib bera olsagina o‘qitish muvaffaqiyatli kechdi deb hisoblasa bo‘ladi.

Ma’lumki, ta’lim olish (ma’lumot olish) jarayoni – bu ma’naviy va aqliy qobiliyatlarni tizimli rivojlantirib borish, bilim va tushunchalarni shakllantirish va olingan bilimdan foydalana olish qobiliyatini tarkib toptirishdan iborat jarayondir. Bu jarayon ta’lim oluvchining o‘ziorqali yoki boshqa birov- ta’lim beruvchining ko‘magida amalga oshirilishi mumkin. Ta’lim olish jarayoni esa turli xil metodlarga(usullarga) tayangan holda kechadi.

Metod – grekcha Metodos so‘zidan olingan bo‘lib, izlanish yoki bilish yo‘li, nazariya, ta’limot ma’nosini anglatadi.

Ta’lim metodini(usulini) – ta’lim oluvchi va ta’lim beruvchining ma’lum maqsadga qaratilgan, birgalikdagi faoliyatini tashkil qilishning muayyan tizimga va tartibga solingan yo‘l-yo‘rig‘i sifatida ta’riflash mumkin.

Ta’lim modelini, esa bir yoki bir nechta ta’lim metodlari yordamida amalga oshiriladigan ta’lim jarayoni amalga oshirish tuzilmasi, deb qarashimiz mumkin.

Ta’lim metodi –bu ta’lim oluvchi va ta’lim beruvchining ma’lum maqsadga qaratilgan, birgalikdagi faoliyatini tashkil qilishning muayyan tizimga solingan yo‘l-yo‘rig‘i.

Ta’lim metodlarini ta’lim maqsadlariga erishish bo‘yicha o‘quvchi va o‘qituvchining birgalikdagi ish faoliyatini tashkil qilishning belgilari bo‘yicha quyidagicha guruhlarga bo‘lish mumkin:

  • O‘qituvchi markazda bo‘lgan uslublar;
  • O‘quvchi markazda bo‘lgan (interfaol yoki interaktiv) uslublar.

Odatda ushbu uslublardan biri yoki bir nechtasi ayrim o‘qitish modellarida birvarakayiga foydalaniladi. Odatda dars jarayoni ikki yoki undan ortiq asosiy uslublardan tashkil topadi va bu uslublar dars mavzusiga to‘la muvofiq bo‘lib, o‘quvchilarning bilim va tajribasi qay bosqichda ekanligiga qarab qo‘llaniladi.

O‘qituvchi markazda bo‘lgan uslub.Bu uslub orqali o‘qituvchi o‘zi egallagan ma’lumot va ko‘nikmalarni o‘quvchilarning sezgi organlari orqali uzatish yo‘llarini qidiradi. Bunda o‘quvchilarning ishtiroki passiv bo‘ladi, ya’ni ular tinglaydilar, kuzatadilar va ma’ruzalarni yozib boradilar.

Bu uslublar asosan o‘qituvchining qo‘yidagi faoliyat turlari orqali amalga oshiriladi:

Og‘zaki o‘qitish usuli (ma’ruza, hikoya)

Insonlar o‘rtasidagi eng sodda muloqot yo‘llaridan biri – og‘zaki nutq – og‘zaki ta’rif yoki asosiy mazmunning ogzaki ifodasi hisoblanadi. Bu uslub butunlay «so‘zlash» orqali amalaga oshiriladigan o‘qitishning eng rasmiy uslubi hisoblanadi. U 40 daqiqa yoki undan uzoqroq davom etadi va odatda o‘quvchining ishtiroki uchun hech qanday imkoniyat qoldirmaydi.Bunda asosan o‘quvchining eshitish qobiliyati ishga solinadi.

Tasviriy ifodalarni qo‘llash usuli (illustratsiya)

Bu faoliyat orqali yetkazilishi kerak bo‘lgan bilim yoki malakalarni tasvirlovchi rasmlar orqali o‘quvchilarning ko‘rish qobiliyati ishga solinadi. O‘quvchilarga yetkazilmokchi bo‘lgan ma’lumotlar tasvirlab berish orqali, turli simvollar yordamida yetkaziladi. Bunday tasviriy ifodalar quyidagi vositalar yordamida amalga oshiriladi: doska, maxsus oq doska, flipchart, video tasvir, videoproyektor, kodoskop, kompyuter grafiklar, magnit taxta, rasmlar, suratlar, bo‘yoqli rasmlar, grafik va jadvallar, diagrammalar, namunaviy va maxsus shaffof qog‘ozga tushirilgan tasvirlar.

Namoyish etish usuli (demonstratsiya)

O‘qituvchi ma’lum bir asbob yoki jihozdan foydalanish vazifasini yoki topshiriqqa aloqador harakatlarni namuna sifatida namoyish etib berishi mumkin. Yakka holda namoyish etish o‘quvchini ko‘rish qobiliyatidan foydalanishga undaydi.

O‘quvchi markazda bo‘lgan (interfaol yoki interaktiv) uslublar.Bu uslublar qo‘llanilganda o‘qituvchi o‘quvchini faol ishtirok etishga chorlaydi. O‘quvchi markazda bo‘lgan yondoshuvning foydali jihatlari quyidagilarda namoyon bo‘ladi:

– ta’lim samarasi yuqoriroq bo‘lgan o‘qish-o‘rganish;

– o‘quvchini yuqori darajada rag‘batlantirilishi;

– ilgari ortirilgan bilimni ham e’tiborga olinishi;

– o‘qish shiddatini o‘quvchining ehtiyojiga muvofiqlashtirilishi.

– o‘quvchining tashabbuskorligi va mas’uliyatining qo‘llab-quvvatlanishi;

– amalda bajarish orqali o‘rganilishi;

– ikki taraflama fikr-mulohazalarga sharoit yaratilishi;

– o‘qishni sog‘lom muhitda saqlab qolinishi;

– o‘qituvching yengillik yaratib beruvchi shaxsga aylanishi.

O‘quvchi butun jarayon davomida ishtirok etadi. Shu sababdan, o‘quvchining bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun yetarli darajada o‘quvchilar ishtiroki va amaliyoti mavjud bo‘ladi.

Bu uslublar asosan o‘qituvchining turli faoliyat shakllari orqali amalga oshiriladi. quyida ularning ba’zilari ustida qisman to‘xtalamiz.

Savol berish orqali o‘qitish usuli

O‘qituvchi o‘quvchilar oldiga savollarni ko‘ndalang qilib qo‘yadi va bu bilan ularni berilgan ma’lumotni yana takrorlashga undaydi. Shu tariqa ularni o‘qituvchi tomonidan qo‘llanilgan og‘zaki va boshqa aloqa uslublarini tushunib yetganliklari aniqlanadi.

Muhokama usuli

O‘quvchilarga suhbatlashish, masalalarga oydinlik kiritish, savollar berish, shuningdek ma’lumotni o‘zaro va o‘qituvchi bilan muhokama yo‘li bilan tahlil qilish taklifi kiritiladi.

Suhbat usuli

Mavzuga aloqador manbaviy ma’lumotlar beriladigan bir sharoitda va darsning bir qismi sifatida ana shu mavzu haqidatushuntirish berish muhim hisoblanadi. Odatda ma’ruza vaqti 30 daqiqadan uzoq bo‘lmasligi kerak va asosiy vaqt ma’ruza ta’riqasida va mashg‘ulot so‘ngida o‘qituvchiga savollar berish uchun bir oz vaqt ajratiladi.

Guruhlardagi muhokama usuli

Ushbu o‘qitish uslubi o‘qituvchining juda oz «so‘zlashiga» imkoniyat yaratadi va vaqtning asosiy qismi o‘quvchilarning o‘zaro muhokamalariga bag‘ishlanadi. qachonki o‘quvchilar mavzu haqida qandaydir darajada bilimga ega bo‘lsalar bu uslubdan foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Xatto mavzu haqida tasavvurga ega bo‘lmagan holda, yoki mashg‘ulotlar avvalida o‘rganilgan bilimni takrorlash uchun ham foydalanishlari mumkin.

Yangilik kashf etish orqali o‘rganish usuli

Bu yondoshuv o‘quvchilarning egallagan nazariy bilimlarini tadbiq etish bilan bir qatorda ularning o‘z-o‘zlarini rag‘batlantirish orqali bilim va ko‘nikmalar to‘plashlariga sharoit yaratadi.

Asosiy tamoyillari quyidagicha:

  1. O‘rganishdan maqsadni avvaldan aniqlab olish talab qilinadi.
  2. O‘rganish jarayoni ma’lum bir topshiriqqa yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak.
  3. Topshiriq quyidagilarni ta’minlaydi:

· Tayanch ma’lumot olish uchun asos

· O‘quvchi uchun notanish bo‘lgan ma’lumotga chuqur kiribborishiga undaydigan so‘rovga e’tibor berish

· Oldindan aniqlangan va sog‘lom tarzdagi o‘rganishga asoslangan natijalar.

  1. Muvaffaqiyat – faoliyat-yutuq motivatsiyasiga asoslangan.
  2. Guruhdagi hamkorlik:

· fikr va faoliyatni rag‘batlantiradi

· mushohadaga chorlaydi

· guruh ichida ikki tomonlama fikr-mulohazalar bilan ta’minlaydi.

  1. Shaxs yoki guruhning ehtiyojidan kelib chiqqan holda o‘qituvchining qo‘shajak hissasiga ajratilgan vaqt chegaralangan.
  2. O‘qituvchi asosan o‘qish jarayonini yengillashtiruvchi va ikki tomonlama fikr-mulohazalar bilan ta’minlovchi shaxs vazifasini o‘taydi. Kamdan-kam hollarda o‘qituvchi ma’lumot bilan ta’minlaydi.

Amaliy mashg‘ulot

O‘qituvchi bir guruh o‘quvchilarning ko‘nikmalarini to‘liq yoki qisman shakllantiruvchi amaliy faoliyat orqali o‘qitishni xohlasa bu usuldan foydalanishi mumkin. Odatda bu jarayon o‘z ichiga so‘zlash, tasviriy ifoda va o‘qituvchi tomonidan namoyish etish va muhokamalarni ham o‘z ichiga olishi mumkin. Shu bilan birga, bu jarayon materiallar va maxsus jihozlardan foydalanish imkoni bo‘lgan ustaxonalarda amalga oshiriladi.

Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, o‘quvchilar nafaqat rasmiy o‘qitishorqali o‘rganadilar, ya’ni kitoblar, gazeta va jurnallar, televideniye, internet va sinfdosh do‘stlar orqali,balki ko‘proq bevosita aloqa orqali o‘rganadilar. Bu vositalar o‘kituvchi o‘tgan darsni mustahkamlashda foydalanilishi mumkin.

Dars jarayonlarida yuqori samaradorlikka erishish uchun quyidagi metod va usullardan ham foydalanish mumkin:

Baxs-munozara usuli

O‘quv guruhini ikki guruhga bo‘lgan holda, biror mavzu bo‘yicha o‘zaro baxs, fikr almashinuv tarzida o‘tkaziladi.

Tadqiqot usuli

O‘zlashtirish darajasining eng yuqori cho‘qisi; o‘quvchilarning olgan bilimlari asosida hali o‘rganilmagan kichik bir muammo ustida yakka yoki birgalashib izlanish olib borishi; keltirilgan taxminni izlab topilgan dalillar asosida to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini tekshirish; Bosqichlari: darsda hammaga qiziqish uyg‘otadigan muammoni yoki masalani qo‘yish, uni o‘rganish, tadqiq qilish uchun ma’lumotlar to‘plash, muammoning yechimiga oid taxminlar, bashoratlar qilish va ularning qanchalik to‘g‘riligini to‘plangan ma’lumotlar asosida tahlil qilish va xulosa chiqarish;Ta’lim oluvchilar ayrim tadqiqot ishlarni ilmiy asoslangan holda mustaqil bajarishadi, ularni yozadilar vaqo‘yilgan maqsad va natijalarni tahlil qiladilar.

Roli o‘yinlar

Ishbilarmonlik yoki rolli(vaziyatli) o‘yinlar – muammoli vazifaning bir turidir. Faqat bu o‘rinda, matnli material o‘rniga o‘quvchilar tomonidan rollar o‘ynaladigan hayotiy vaziyat sahnalashtiriladi. Bosqichlari: vaziyatni tushuntirish, mos rollarni bo‘lib berish, maqsad va vazifalarni tushuntirish; o‘yin davomida o‘quvchilarning hatti-harakatlarini kuzatib borish; o‘quvchilarning hatti-harakatlari orqali ularga bilim olishlariga, ma’lum malaka va ko‘nikmalarni egallashlariga imkoniyat yaratish; o‘yin natijalarining tahlili; o‘yin natijalarini real hayotiy hodisalar bilan taqqoslash;

 

Loyiha usuli

Bu usul bilim va malakalarni, tahlil qilish va baholashni nazarda tutuvchi ta’limning majmuaviy usulini amalga oshiradi. Loyiha usulida o‘quvchilar rejalashtirishda, tashkil qilishda, tekshirishda, tahlil qilishda va bajarilgan ishning natijalarini baholashda ko‘proq ishtirok etadilar. Ta’lim oluvchilar ayrim kichik loyiqa ishlarini, diplom va kurs loyihalari, bitiruv ishlarini ilmiy asoslangan holda loyihalashtiradilar, mustaqilbajaradilar, ularni yozadilar, taqdimot qiladilar, qo‘yilgan maqsad va natijalarni tahlil qiladilar.

Mustaqil o‘rganish usuli

Ushbu usul ta’lim oluvchilarning o‘quv materialini mustaqil o‘zlashtirishini, o‘z – o‘zini tekshiruv malakalarini, berilgan matnning mazmunini to‘liq va ongli ravishda bayon eta bilishiga qaratilgan usuldir.Bu usul vaqti–vaqti bilan o‘tkazib turiladi, o‘quvchilarning mustaqil o‘rganish, darslik bilan ishlash va mustaqil amalaiy faoliyat bilan shug‘ullanish ko‘nikmalarini shakllantiradi. Har bir o‘quvchi alohida yoki umumiy tarzda tashkil qilinadigan topshiriqni bajaradi. O‘qituvchi o‘quvchilarning amaliy faoliyatiga aralashmay, tashqaridan teskari aloqa- muloqot yordamida yo‘naltirib boshqaradi va nazorat qiladi.

Aqliy hujum

Dars mavzusiga oid qo‘yilgan muammoni yechish yoki savolga javob topish maqsadida g‘oyalarni jamlash va saralash usuli. qatnashchilar birlashgan holda yechimi noma’lum muammoni yechishga yoki savolga javob topishga harakat qiladilar. Eng maqbul yechimni topish bo‘yicha shaxsiy g‘oyalarini ilgari suradilar. Bosqichlari: muammoli vaziyatni keltirib chiqarish; uning yechimini topish uchun o‘quvchilarni jalb qilish; turli yechimlar taqdimotini eshitish; yechimlarni solishtirish va tanlash; xulosalash;

Pinbord usuli

Bu usul aqliy hujum metodining bir ko‘rinishi bo‘lib, unda qo‘yilgan muammoni hal qilish bo‘yicha g‘oyalar alohida qog‘ozchalarda yozilib, doskaga mixlanib boriladi. Ikkinchi bosqichda esa, ular turli mezonlar bo‘yicha sinflarga bo‘linadi, saralanadi va muayyan tartibda doskada joylashtiriladi.

Boshqalarni o‘qitish orqali o‘rganish usuli

Bu usulda ta’lim oluvchilar belgilangan mavzu yoki qo‘yilgan muammo bo‘yicha bir – birlariga axborotlarni almashadilar va o‘z bilganlarini boshqalarga o‘rgatadilar.

Lo‘g‘at bilan ishlash (diktant)

bilimlarni baholashning joriy nazorat shakli; odatda qisqa vaqt davomida o‘tkaziladi; o‘quvchilarning o‘tilgan atama va tushunchalarni bilish darajasini tekshirish uchun o‘tkaziladi;

Konferensiya

Oraliq nazoratning bir turi bo‘lib, asosan chorak yoki yil davomida ma’lum mavzular bo‘yicha mustaqil yozilgan ishlarning og‘zaki ma’ro‘za ko‘rinishidagi taqdimoti.

Juft-juft muloqot

Biror mavzu bo‘yicha yonma-yon o‘tirgan o‘quvchilarni o‘zaro muloqotga chorlash; o‘zaro fikr almashish va ularni ba’zilarini tinglash;

Ovozga qo‘yish metodi

Dars davomida bahsli vaziyatni keltirib chiqarish; yuzaga kelgan bahs munozarani boshqarish maqsadida, bahs yuritayotgan tomonlarning fikrlarini sinf bo‘yicha ovozga qo‘yish; har bir fikr bo‘yicha qarshi, rozi va betaraflarni aniqlash; tomonlarning dalillarini va fikrlarini tinglash; so‘ng yana ovozga qo‘yish; xulosalash;

«Charxpalak» usuli

Mazkur metod guruhlarda ishlash usulining takomillashtirilgan ko‘rinishi bo‘lib, uning yordamida o‘quvchilar o‘rganiladigan material bo‘yicha ma’lum bilimga mustaqil ega bo‘lish, jamoa bilan ishlash malakasini ega bo‘lish, boshqalarni o‘qitish, axborot bilan almashish hamda jamao bo‘lib qaror qabul qilish ko‘nikmalariga ega bo‘ladi.

Manba: multimedia.uz