Tursunoy Sodiqova - murabbiylar haqida

Primary tabs

Millatdoshlarimiz orasida Tursunoy Sodiqovani tanimaydigan inson kam uchrasa kerak. Tursunoy opaning bir-biridan dono, hayotiy gaplari va o'gitlari har birimiz uchun koni foydadir desam adashmagan bo'lardim. Bugun sizlarga Tursunoy Sodiqovaning murabbiylar haqida yozganlarini taqdim qilmoqchiman.
Murabbiylar kimlar?
Bular otalar, onalardir. Bular aka-opa, amaki-tog‘a, amma-xolalardir. O‘qituvchilar, tarbiyachilardir. Bular hunar o‘rgatayotgan ustozlar, qo‘shni bolaga nasihat qilayotgan hamsoya, ibratli ertagu o‘gitlar xazinasi bo‘lgan buvi-buvalar va kelin tarbiyalayotgan qaynonalardir. Kamchiligingni birgalashib o‘nglayotgan do‘sting ham murabbiy! Garchi gaplashib ko‘rmagan bo‘lsang-da, sen
kiyinishini, muomalasini, yurish-turishini havas qilayotganing â€" ko‘z tanishing ham murabbiydir.
Agar ziyrak bo‘lsang, asfaltni yorib chiqayotgan maysa, intizom bilan bir chiziqqa tizilib uchayotgan laylaklar ham saboq berayotganini ko‘rasan. Yo‘lakda senga nazokat bilan yo‘l berib, kayfiyatingni ko‘targan yo‘lovchiyu  malolini solmay, besharpa yashab kelayotgan tamizli qo‘shninggacha bahosi yo‘q murabbiydir!
Bu dunyo to‘la murabbiy va dunyoda hamma mavjudlik murabbiyga muhtojdir! Atrofga xolis ustozlik, murabbiylik qilish — bu ibodat, murabbiylardan ishtiyoq bilan ilm, hunar va tajriba o‘rganish esa yana ibodatdir.

Murabbiy bo'lishning shartlari

Deylik, siz murabbiylikni hech orzulagan emassiz. Ammo shuni unutmaylikki, o‘rtada yurganki odam, jamoa bilan yashayotganki odam diqqat markazidadir. Uning har bir gapi, hamma ishi kuzatiladi. Demak, u murabbiylik maqomidadir. Insonning bir kamchiligi bor, o‘gitu nasihatlarni xushiga yoqsagina qulog‘iga oladi, asosan esa ko‘rganlariga taqlid qiladi, ergashadi. Shu nuqtai nazardan aytganda, bugungi o‘zimizni tutishimiz, kiyinishimiz va tutumlarimizdan yoshlar qanday andoza olyaptilar? Biz, kattalar, millatimiz, zotimizning rangi, tusida turibmizmi? Ona tilimizda o‘zimiz yayrab, birovlarning ham yuragini yozadigan qilib gaplasha olyapmizmi?
Insonlar ergashadigan fazlu kamolingiz bo‘lsa, koni savob ichrasiz. Agar atrofga qusuringiz o‘tsa, qancha odam sizni takrorlayotgan bo‘lsa, o‘shalarning jami gunohiga teng sheriksiz!
Deylik, siz ustozlikni orzu qilgansiz va shu yo‘ldasiz. Ammo jild-jild kitob o‘qib, yiqqan ilmini va’zga aylantirib, ko‘rgazmali qurollar to‘plab, turfa uslublar qo‘llab, o‘qityapman, uqdiryapman deyish hali murabbiylik emas. Siz insonlarning hech yo‘q bir shoxini ko‘kartirish, qulfi dilini ochish, dunyosini kengaytirish, kechagi holatidan bugunini yuksakroq qilish uchun bu ishga qo‘l urdingiz. Ammo oldin biling: umringizni
sarflab olib borayotgan harakatlaringiz ro‘parangizdagi tinglovchiga yuqyaptimi, yo‘qmi? Bori gap shunda!
Murabbiylikni xohlagan, shu kasbga o‘qiganki odam murabbiy bo‘lib qolmaydi. Ustozlikning o‘ziga xos parhezlari, bosib o‘tilmaydigan chegara chiziqlari bordir!
Birinchidan, dilingizda ustoz-tarbiyachilikning yozilganu yozilmagan qonun-qoidalariga bo‘ysunaman degan QASAMINGIZ bo‘lsin!
Ikkinchidan, NIYaTINGIZ SOF bo‘lsin!  Men odamlarni faqat yaxshilikka o‘rgataman deng, orqamda o‘z qo‘lim bilan yaratilgan fayzli bog‘lar qoladi deb tilang! Toki shogirdlaringiz sizning sharofatingiz bilan faqat savobga daxldor bo‘lsinlar.
Uchinchidan, haqiqiy murabbiy bo‘laman desangiz, birovga bir narsa o‘rgatishni  astoydil xohlang va sizdan ilm oluvchiga muhabbat qo‘ying! Har bir ishingizga  bemor bolasiga parvona bo‘layotgan onaday berilib, fidoyilik bilan tutuning. Buning otini IXLOS deydilar! Shu ishtiyoq sizda qancha kuchli bo‘lsa, Tangri sizga shuncha ko‘p uquv beradi, ep beradi, mushkullaringizni O‘zi osonlashtiradi.
Murabbiylikda ta’tilga chiqish, sog‘ligi, kayfiyatiga qarab faoliyatni to‘xtatish degan gap yo‘q. Yo‘lda ham, cho‘lda ham, hamma fasl, hamma manzilda, qo‘yingchi, umringizning oxirgi nuqtasigacha siz ish ustidasiz. Bu degani, sizning borligingiz, har bir so‘z, har ishorangiz odamlar uchun nur, madad va xaloskordir.    

Ustoz shikoyat qilmaydi!
Tarbiyachilikda eng xunuk narsa bu o‘qituvchining o‘quvchidan shikoyat qilishidir. Oramizda shundaylar bor, bolalarni yaxshi-yomonga ajratadilar. Hatto ayrimlarini o‘zlariga dushman saylab, uni qitmirlik bilan ta’qib qiladilar. Hali o‘qituvchilar xonasiga, hali direktor, hali ilmiy mudir qoshiga ta’zirini bermoqqa tortqilaydilar. Darslaridan quvib soladilar. O‘sha sinfga rahbar bo‘lgan muallimga kun yo‘q, ko‘zga ko‘rindi deguncha shikoyat!
Tang qoladigan joyi shuki, ba’zan 15-20 yil ishlab qo‘ygan muallimlar ichida ham qaysidir sinfning to‘polonchiligi, davomati yomonligi yoki uning fanidan oqsovchilarning ko‘pligidan shikoyat qiladiganlar bor. Sinf rahbariga o‘tkazib qo‘ygan haqini talab qilayotganday, qo‘llarini bigiz qilib dag‘dag‘a qiladi!
 Hoy, birodar, bu bilan zaifligingni, yaroqsizligingni tomga chiqib e’lon qilmayapsanmi? Senga 45 minutlik dars hokimligi berildi.  Bolaga ilm berish degan kasbga besh yil o‘qigansan, bir necha yildan beri maktab atalgan bolazorda tajriba yig‘yapsan, nega bolaning tilini topolmaysan, shu kungacha nima ish qilib yurding? Dars seniki, fan seniki, bu soatning ish haqini ham sen olasanu bolalaringni sinf rahbari tinchitib bersinmi? Darsingni o‘tolmayotganingni qo‘y, eng yomoni, o‘sha sinfning intizomini buzib chiqyapsan! Bolalarda  hamma ustozni ham eshitish shart emas, ularni kalaka qilsa bo‘laveradi, degan fikr uyg‘otyapsan!
Kimki men faqat fanim uchun javob beraman, intizom bilan sinf rahbari shug‘ullanadi degan gapni aytsa, u muallim emas! Biz hatto bolaning ota-onasiga ham intizom uchun faqat siz qayg‘urasiz, deb ayta olmaymiz. Birinchi ishimiz bu tarbiya. Keyin ilm! Ilm ilohiy ne’mat, uni esa tarbiya yo‘q joyga sochib bo‘lmaydi. 
Jazolash murabbiylik emas
 U maktabning katta ustozlaridan biri edi. Har bitta gapini salmoqlab, past ovozda, g‘oyat aqlli qiyofada gapirardi. Ammo fe’li chatoq edi.
Yo‘lakda bir bola birorta qizning sochini tortib qo‘ysa yo bir - biri bilan quvlashsa, ko‘rdimi, tamom, darhol xonasiga qamaydi. Bir pasdan keyin bola bechora ko‘zida yosh, qulog‘ining tagi qizargan holda chiqib kelaveradi. Darsida o‘quvchilarini eplab tinchitolmagan o‘qituvchilar bu mohir❠tarbiyachiga gunohkorlarni olib chiqaveradilar, u esa surishtirmay jazolayveradi. Ba’zan bola sho‘rlik uning hukmi bilan soatlab o‘qituvchilar xonasida tik turishga majbur.
Bir kuni ish bilan shu odamning xonasiga kirib qoldim. Yettinchi sinfning bir bolasi yig‘lab-ko‘pchib turibdi. Bilsam, u yomon ish qilibdi. Uyidan 150 so‘mni (u paytda bu katta pul) bildirmay olib chiqib, yarmiga o‘rtoqlarini mehmon qilibdi, yarmini o‘g‘irlatib qo‘yibdi. Arz bilan kelgan bolaning onasi ekan... U o‘quvchiga uch yildan beri dars berardim, bilamanki u yomon bola emas. Bolalik-beboshlik qilib qo‘ygani aniq. Vaziyatga quloq solsam, mudir besh yuz o‘quvchini yig‘ib, gunohkorni sazoyi qilmoqchi, boshqalarga ham shu yo‘l bilan “saboq” bermoqchi bo‘lyapti. Bolani tashqariga chiqarib yubordim. Mudir bilan ancha tortishdik.
— Bugun uyidan olib chiqibdi, ertaga birovning cho‘ntagidan oladi, uni ko‘pning o‘rtasida bir qo‘rqitib qo‘yish kerak, — derdi u.
U deb, bu deb, oxiri agar yana shunday qilsa, o‘zim javob beraman, degan va’da bilan uni shashtidan qaytardim. Bolaning o‘zi bilan esa bir marta ko‘ngildagiday gaplashib oldik, tamom, bu hol boshqa takrorlanmadi... Agar u o‘shanda sazoyi qilinganidami, yo alamidan yana shu ishga qo‘l urardi, yo uning oti bir umr o‘g‘ri❠bo‘lib qolardi. Hozirda u bir korxonaning ilg‘or ishchilaridan, tinib-tinchib, elning nazarida yuribdi.  
Bo'riga topshirilgan qo'zichoqlar
Goho rahm-shafqatni ham me’yoridan oshirib yuboramiz. Qaysidir o‘qituvchining kasbiga butunlay nomunosib ekanligini hamma ko‘rib tursa ham, undan faqat ziyon yetib tursa ham, darhol bahridan o‘tolmaymiz: bolalik deymiz yo ayol deymiz, beva deymiz yo ... falonchiga qarashli deymiz va hokazo. Uning uch yo to‘rt bolasiga qayg‘uramiz, ammo yuzlab xalq farzandlarining bilimi, tarbiyasi, taqdirini qo‘zichoqni bo‘riga topshirganday ularning qo‘liga topshiramiz! So‘ngra loqayd, dunyoqarashi tor, chalasavod odamlar qaerdan keldi deb, fig‘on chekib yuramiz! Xo‘sh, qachongacha shunday qilamiz?! Eng injiqlik bilan mutaxassis tanlanadigan joy maktab bo‘lishi kerak. Chunki bu dargohda jamiyatning sifat masalasi hal qilinadi.
***
Bir muallima bor edi. O‘zi chiroyliyu axloqi xunuk edi. Eng dahshatlisi shuki, u ezgulik fani adabiyotdan dars berardi.  Qilmishlarini eshitib, uning ko‘ziga siz uyalib qarolmasligingiz mumkin, ammo unda na andisha, na hayo bor edi, go‘yo yengiltaklik unga unvon qilib berilganday, qomatini g‘oz tutib,  bir gapirib, o‘n kulib yurardi. Maktab rahbarlari ham unga botinib gapirolmasdilar. Sababi, eri nufuzli idorada ishlardi. Bu muallimaning dars berolmasligi bir sari, ammo uning aqli rasoligiga hali-hanuz gumonim bor: agar o‘quvchi ayb ish qilsa, qirq besh minut davomida stulni boshi uzra ko‘tarib turishga majbur qilar ekan! U bola o‘n yosh, o‘n bir yosh! Ayolning, onaning ham diydasi shunday qattiq bo‘ladimi?

***

Yana bir toifa muallimlar bor. Bundaylarni maktab rahbarlari maqtaydilar, hatto ibrat qilib ko‘rsatadilar. Chunki ularning darslarida davomat joyida, o‘quvchilar jon hovuchlab bo‘lsa-da, shu o‘qituvchining topshiriqlarini bajaradilar. Nafsilamrini aytganda, o‘qituvchi fanini yaxshi biladi. Ammo bolalar har gal unga ro‘baro‘ kelganlarida bir qalqib oladilar. U kirsa, sinfga ilon kirganday bo‘ladi. A’lochiyu ikkichi yuragini changallab, kichrayib o‘tiradi. Chunki bu zot xohlagan paytida o‘quvchining boshida haqorat toshini sindiraveradi. Javobda sal adashdingmi yo yonboshingga sal qarab qo‘ydingmi, tamom! Dars tayyorlamasangku tugadim deyaver! Hayo, andisha yo‘q. Otilayotgan malomat toshidan vujudingga o‘t ketadi, yer yorilsa, kirib ketsam, deysan. Muallim esa sinfdan mag‘rur va masrur chiqadi. Bolalarning uni ko‘rganda zir titrashlari, sarosimaga tushishlaridan zavq oladi. Mana, qattiq turganim uchun, bolalar fanimni yod olyaptilar deya g‘ururlanib ham qo‘yadi.
Aslida bu muallimni jazolash kerak! Chunki u murg‘ak insonning yuragini darz ketkizyapti, asablarini qaqshatyapti. Kelajakka hurkak musichalar emas, ruhiyati butun, sog‘lom kishilar kerak!

***

Bir kuni o‘zini o‘ta ziyrak biluvchi bir muallim Amerika ochganday iljaydida:
— Falonchi qizga bir yigitdan g‘alati xat kelibdi, o‘qib beraymi? dedi.
Boshqa bir o‘qituvchi esa:
— Nima uchun zo‘rg‘a uchâga tortadi desam, ishlar oshiq-ma’shuqlik ekan-da! Yaramasning ota-onasini chaqirtiring, xatni ko‘rsating. Bugun xat yozsa, ertaga yetaklashib ketadi, - deya hukm o‘qidi!
Yuragim zirqirab ketdi. O‘qituvchilarmi bular yo maqtullarmi?! Agar aytgan ishlarini qilsalar, bolaning yuragi nima bo‘ladi? Ularning qo‘lidagi mushuk emas, odam bolasi-ku! Mushukni ham irg‘itib o‘ynamaydilar axir!
Bola bugun bola. Ertaga ulg‘ayadi. Haligi muallimlar shularning orasida yashaydi. Ayting-chi, endi uning qanday obro‘si bo‘lsin? Bu qismatni-ku o‘zi sotib oldi, ammo undan bolalarga yetgan ziyonni qanday qoplab bo‘ladi!

***

Aldagani bola yaxshi naqlini dastur bilib, o‘quv maskanlarining badaniga yopishib olgan o‘z kanalari, zararkunandalari bo‘ladi. Ular har ikki qadamning birida uchraydi. Aksariyati iligida illati bor odamlar. Ochiq muttahamlik o‘tmaydigan joyda yozishga tushadilar. Bundaylar bor joyda rahbar bo‘lish ham, yonma-yon ishlash ham oson emas. Qani, bu yozg‘uvchining ishidan ayb topib ko‘rsinlar-chi, dars soatini ozroq ajratsinlar-chi! Uning xatlari sabab, maktabni necha bor bemahal tekshiruvchilar bosgani bosgan. Bir kuni shundaylardan biri direktorga shang‘illay ketdi:
— Hali men darsimni eplolmay qoldimmi?! Beva xotinning oyligini kamaytirishni ko‘rsatib qo‘yaman senga! Shunday qilamanki, qochgani teshik topolmay qolasan!
O‘zi uddalab dars o‘tolmaydi. O‘qituvchilarning dami ichida, xatosini aytsangiz, ko‘cha demaydi, o‘quvchilarning orasi demaydi, jami xunuk atamalarni bo‘yningizga ilib tashlaydi, gapi qolmasa, behush bo‘lib yotvoladi!... Ammo u hammadan ko‘ra xotirjam yashaydi. Chunki maktabning norasmiy xo‘jayini! Hech kim mushugini pisht deya olmaydi. Quroli andishasizlik! Axir ko‘ra-bila turib, bolalarni uning qo‘liga topshirish shaytonni imom saylashday gap-ku!

***

Bunga ancha yillar bo‘ldi. U maktabning jamoasi ahil, direktori hammaga manzur, mohir tashkilotchi edi. Ammo ular bilan bir xulqi yomon ayol ham ishlardi. Uning ko‘cha-ko‘ydagi qilmishlari jamoani qattiq xijolatga solar, buning ustiga ishini ham eplay bilmasdi. Rahbar uni bir necha bor insofga chaqirdi, obro‘lik muallimlar o‘rtaga olishdi, bo‘lmadi. Hech natija bo‘lmagach, uni ishdan bo‘shatishga qaror qilindi. Biroq ayolga darhol yo‘l ko‘rsatuvchilar topildi. Ularning maslahati bilan u imzoli va imzosiz shikoyatbozlikni boshlab yubordi. Bu sho‘ro paytida edi, Moskvagacha yozdi. Qarabsizki, eri yo‘q, uch bolali ayolni ishdan bo‘shatgani uchun direktor o‘z vazifasidan chetlatildi.
 Bu odam direktor qilib tayinlanganda maktabning endigina poydevori yotqizilayotgandi. Taxtalarning ichida tunab yurib, uni maktab holiga keltirdi. Necha ozib, necha to‘zdi va besh-olti yilning ichida bu maskan shahardagi eng obro‘li maktablar qatoridan joy oldi. Shunday fidoyi, bo‘lmaydiganni ham bo‘ldiradigan jonsarak odam ketib,   battol ayol ishlab qolaverdi.  Bu nopok ayolni nafaqat o‘qituvchilikdan, balki onalikdan ham mahrum qilinsa, odillik bo‘lardi aslida!
Darsliklarni mukammallashtirish, o‘quv uslublarini yaxshilash bilan birga o‘qituvchi tayyorlashning sifatini yaxshilash, ularning safini tozalash ham eng muhim masaladir.

 
Mavzuni tayyorlashda forum.ziyouz.comdan foydalanildi
 

Izoh qoldiring

CAPTCHA
This question is for testing whether or not you are a human visitor and to prevent automated spam submissions.