Qo’shiqchilar farzandlarimizga o’rnak bo’la olishadimi?

Primary tabs

Kunlardan birida dars o’tish uchun bir sinfga kirdim va hali tanaffus bo’lganligi sababli o’quvchilarning o’zaro suhbatiga beixtiyor quloq tutdim. O’quvchilar kecha televizorda nima tomosha qilishgani haqida suhbatlashishardi. Ayrim darslarda o’quvchilarimning qaysidir qo’shiqchining qo’shig’i, klipi haqida gapirib qolganlarini ham eshitib qolaman. Albatta, bu hol tabiiy. Chunki hozirgi kunda istaymizmi yoki yo’q, televizor har bir xonadonda bor va uni deyarli hamma tomosha qilishadi. Ayniqsa xususiy telekanallarni. Lekin meni o’ylantirgan holat bu tinimsiz aylanayotgan “modali” qo’shiqchilarning kliplari yoki o’sha kanallarda go’yoki ovqat tayyorlashni ham “do’ndirib” qo’ygan qaysidir oshxona qiroli bo’lgan aktyor yoki yana ashulachi. Yoki “sevdim – kuydim” ni talqin qilgan, mazmuni o’ta sayoz, hech qanday aktyorlik qobiliyati yo’q bo’lgan, albatta, bitta bo’lsa ham “shouman” qatnashgan film. Xususiy kanallarni to’ldirib tashlagan bu kabi klip, ko’rsatuv va filmlarda bosh rolni egallab kelganlar bizni farzandlarimizda havas uyg’otishmayaptimi? Shularni ko’rgan farzandimiz o’ziga ideal qilib kitobdagi qahramonni emas, shu yulduzlarni ideal qilib olsa nima bo’ladi?

Sinov tariqasida farzandingizga Ma’naviy va ma’rifat kanalidagi biror bir tarbiyaga oid ko’rsatuvni qo’yib bering. Uni kuzating. O’sha ko’rsatuvni uzog’I bilan 5 daqiqa ko’rsa ajab emas. Tarozini bir pallasiga sayoz ko’rsatuvni qo’yib, yana bir pallasiga mantiqiy to’g’ri yo’naltirilgan ko’rsatuvni qo’ysangiz, farzandingiz uchun birinchisi tosh bosgani ma’qulroq.

 

Keling bir o’ylab ko’raylik. Meni sizga yetkazmoqchi bo’lgan tashvishli o’ylarimni tushundingiz. Endi buni oqibati nimaga olib keladi. Bachkanalikni targ’ib qilgan odamga ergashgan farzandimiz ertaga shunday qiliqlarni qilishi mumkin. Yoki o’zbek tilini bilmaydigan, go’zalligini tinmay ko’z ko’z qilgan, lekin qo’shiqlari o’zbek tilida bo’lgan Estrada yulduzi farzandimizga ideal bo’lishiga shubham bor. Bunday misollarni ko’p keltirishimiz mumkin. Ularni hadeb tanqid qilamiz. Lekin ular baribir qarshimizda turgan “dilbuzar”ni ekranida “qoqqan qoziq” dek paydo bo’laveradilar va farzandlarimiz ularga ergashaveradilar. Buni natijasini hozirgi kunda biz o’qituvchilar o’z o’quvchilarimizda ko’rib turibmiz.

Shu ekanda endi, rivojlanayotgan davlat bo’lsak, farzandlarimiz o’zlari kattaroq bo’lishsa, oqni oqqa, qorani qoraga saralab olishadi deb o’ylayotganlar xato qilishadi. Biz ota – onalar, farzandlarini tarbiyasini yomonlashib ketayotganiga maktab yoki o’qituvchi aybdor deb o’ylamasdan, farzandlarimizni to’g’ri yo’lga solishimiz lozim. O’zimiz kechki payt shaydo bo’lib tomosha qilayotgan seriallarimizga farzandlarimizni ham sherik qilmasdan, ularni qo’liga kitob berib, nazorat qilishni o’rganaylik. Bolaning ideali televizor ekranidagi hayosiz, bachkana, ikkiyuzlamachi qo’shiqchi va “shouman” lar emas, balki kitoblardagi mard, vatanparvar, to’g’riso’z, hayoli, odobli qahramonlar bo’lishi kerak. Xulosa qilib aytganda, bitta jandasi chiqqan kitob o’rnini hech qanday o’ta zamonaviy “smarttv” ham bosa olmaydi. 

Sadikov Nasim

www.sadikov.uz