2021-2022 o'quv yiliga variativ o'quv rejalar

Главные вкладки

Variativ o‘quv reja haqida nimalar bilasiz?

Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida joriy o‘quv yilining uchinchi choragidan boshlab 10-11-sinflarida fanlar ixtiyoriy tanlov asosida o‘qitiladigan bo‘ldi. Bu borada 2019-yilning 28-dekabr kuni Xalq ta’limi vazirining “Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida variativ o‘quv rejalarni tajriba-sinovdan o‘tkazish” to‘g‘risidagi 405-sonli buyrug‘i chiqdi va u joylarga yetkazildi.

Bu xabar ko‘plab o‘qituvchilar, ota-onalar va o‘quvchilarda turli savollar paydo qildi. Jara­yon qanday tashkil etiladi? Maktablarda bunga sharoit bormi? Qaysi yo‘nalishlar tanlov fanlarga qamrab olin­gan? O‘quvchilarning barchasi o‘ziga kerakli fanlarni tanlab, boshqasida qatnashmasa, boshqa fanni umuman o‘qimasa ham bo‘laveradimi? Maqolada mana shu kabi savollarga javob olishingiz mumkin.

Variativ o‘quv rejani joriy qilish — ixtiyoriy

Avvalo, variativ o‘quv rejani joriy etishdan maqsad o‘quvchi­ning manfaatlarini inobatga olish, ularning oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari mavjud fanlarni chuqur o‘rganishlariga sharoit yaratish, o‘quv jarayonini kompetensiyaviy yondashuv asosida tashkil etishdan iborat. Ammo, shunday bo‘lsa-da, o‘quv­chi, o‘qituvchilar va ota-ona­lar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, maktabda variativ o‘quv reja bo‘yicha tegishli fandan dars berish uchun yetarli malaka va tajribaga ega o‘qituvchilar bo‘lmasa, joriy etilmaydi. Shuningdek, variativ o‘quv reja amalga oshirilayotgan maktablarda o‘quvchilarning xohish-istaklariga ko‘ra an’anaviy sinflar ham mavjud bo‘ladi. An’anaviy sinflarda 2019/2020-o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv reja asosida dars olib borilsa, tanlov sinflarda variativ o‘quv reja amalda bo‘ladi. Tanlov sinfida o‘quv­chilar soni 35 nafargacha bo‘ladi.

Tanlov sinflar yo‘nalishlari:

• xorijiy til va filologiya;

• moliya-iqtisod;

• texnologiya;

• tabiiy fanlar;

• ijtimoiy-gumanitar.

Tanlov sinfi yo‘nalishi 10-, 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazish orqali aniqlanadi. Bir nafar o‘quvchi faqat bitta yo‘na­lishni tanlaydi. Maktabda barcha yo‘nalishdagi tanlov sinflari ochili­shi talab etilmaydi. Ya’ni, maktab ichki imkoniyati, pedagoglar darajasidan kelib chiqib, 5 ta yo‘nalishdan biri yoki bir nechtasi ochilishi mumkin.

Tanlov sinflarini joriy etish uchun maxsus komissiya tuziladi. Komissiya tarkibi:

• maktab direktorining o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari;

• maktab psixologi;

• amaldagi 10-11-sinf rahbarlari;

• fan metodbirlashma rahbarlari;

• ota-onalar qo‘mitasi raisi.

Komissiya o‘quvchilar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib, natijasini umumlashtiradi.

Talabgor o‘quvchilar 35 nafardan oshib ketsa...

Tanlov sinfida o‘qishni xohlagan o‘quvchilar soni 35 nafardan oshib ketsa, maktab tomonidan tegishli fan bo‘yicha sinov o‘tkaziladi. Natijalarga ko‘ra o‘quvchilar saralab olinadi. Agar tanlov sinfida o‘qish istagidagi o‘quv­chilar 35 nafardan oshmasa, hech qanday sinov tashkil etilmaydi. Ota-­onalar farzandlarini tanlov sinfiga qabul qilish to‘g‘risida direktor nomiga ariza yozishlari shart. Zero, o‘quvchining ertangi kelajagini hal qilishda muhim rol o‘ynaydigan ushbu bosqich ota-ona roziligisiz yoki ularni ogohlantirishsiz tashkil etilmaydi. Agar o‘quv­chi va ota-ona bola tanlov sinfda o‘qishni istamasa, an’anaviy sinfda o‘qishni davom ettiraveradi. O‘quv­chilar eng ko‘p tanlagan yo‘nalish bo‘yicha sinflar soniga mutanosib ravishda yangidan sinflarga ajratiladi. Sinflar soni mavjud 10-, 11-sinf­lar sonidan oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Jarayonda fanlar ikki guruhga bo‘linadi:

1. Majburiy fanlar.

2. Tanlov fanlar.

Tanlov sinfida tayanch o‘quv rejada belgilangan soatlar doirasida o‘quvchilar soni 25 nafar va undan ziyod bo‘lgan 10-11-sinfda o‘quv­chilarni ikki guruhga bo‘lib o‘qi­tishga ruxsat beriladi (chet tili, informatika, jismoniy tarbiya, o‘zbek (rus) tili).

Tanlov fanlarga ajratiladigan qo‘shimcha soatlarni o‘tishda fanlar bo‘lib o‘qi­tilmaydi. Jumladan, tanlov fani sifatida tanlangan majburiy fanlar: chet tili, informatika, jismoniy tarbiya, o‘zbek (rus) tili fanlari ham ikki guruhga bo‘lib o‘qi­tilmaydi. Mazkur fanlarga tayanch o‘quv rejada ajratilgan soatlar bundan mustasno.

Hikmatilla DAMINOV,

Respublika ta’lim markazi direktori

Manba: Marifat.uz

 

2021-2022 o'quv yiliga mo'ljallangan variativ o'quv rejalarini yuklab olish: 

Fayllar soni: 16

Fayllarning umumiy hajmi: 7,7 mb

Fayl formati: doc/pdf

Fan Yuklab olish
Fizika Yuklab olish
Fransuz tili Yuklab olish
Ona tili va adabiyot Yuklab olish
Geografiya Yuklab olish
Turkman tili Yuklab olish
Chet tili Yuklab olish
CHQTB Yuklab olish
Sport yo'nalishi Yuklab olish
Tarix Yuklab olish
Agrotexnologiya Yuklab olish
Tojik tili Yuklab olish
Qirg'iz tili Yuklab olish
Qozoq tili Yuklab olish
Biologiya Yuklab olish
Informatika Yuklab olish
Kimyo Yuklab olish